
Fintech kompaniya Alif sukuk islom obligatsiyalarini muvaffaqiyatli joylashtirganini e’lon qildi. $50 mlnlik dastur doirasida birinchi mablag‘ ajratilishi $5 mlnni tashkil etdi.
Sukuklar «Sukuk al-Mudaraba» shaklida 3 yillik muomala muddati bilan Yevropaning Lyuksemburg bozorida joylashtirildi. Mablag‘lar xorijiy investorlar tomonidan jalb qilinib, Alif’ning O‘zbekistondagi faoliyatini, jumladan Alif Nasiyani rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Bitimda Amber Investments Ltd investitsiya maslahatchisi, CBH banki esa yetakchi agent sifatida qatnashdi. Huquqiy maslahatchi sifatida Morgan, Lewis & Bockius LLP firmasi jalb etildi.
«Bu qadam nafaqat Alif, balki butun O‘zbekiston uchun yangi investitsiya eshiklarini ochadi,» — deydi kompaniya bosh direktori Nuriddin Lafizov.
Ma’lumot uchun, 2014-yilda asos solingan Alif kompaniyasi bugun Tojikiston, O‘zbekiston va Pokistonda faoliyat yuritadi. Kompaniyaning Nasiya xizmati orqali 1 mlndan ortiq foydalanuvchi 5 mingdan ortiq savdo nuqtalarida xaridlarni muddatli to‘lov asosida amalga oshirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, yil boshida Alif kompaniyasi xalqaro Islom savdo-moliya korporatsiyasidan $3 mln jalb qilgan edi.