
Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifi doirasida hududda investitsiya loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirayotgan xorijiy kompaniyalar vakillari bilan uchrashdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, yig‘ilishda viloyatda umumiy quvvati 44 megavatt bo‘lgan 763 ta kichik va mikro GESlarni ishga tushirish rejalashtirilgani ta’kidlandi. Xitoy kompaniyalaridan biri bu loyihalar uchun uskunalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirmoqchi. Shuningdek, yangi GESlarga bir yil davomida bepul texnik xizmat ko‘rsatiladi.

Bobur shahrida e’lon qilingan keng ko‘lamli qurilish loyihalariga ham xorijiy sarmoyadorlar qiziqish bildirmoqda. Xususan, xitoylik investor $250 mln evaziga 55 gektarlik hududda zamonaviy majmua – biznes markazi, mehmonxona, savdo markazlari va 3 ming xonadonli turar joylar qurishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq har yili dekabrda «Prezident Olimpiadasi» sport musobaqalari o‘tkazilishi haqida yozgan edik.