Bank balansiga olingan mol-mulklarni sotish tartibi soddalashtirildi

Qarzdorlik evaziga bank balansiga olingan mol-mulklarni realizatsiya qilish jarayoni jadallashtiriladi. Bu haqda prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 1-maydan ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan banklar hamda ularning investitsiya kompaniyalariga auksion o‘tkazmasdan, qarzdorlikni so‘ndirish asosida qabul qilingan mol-mulklarni bozor narxida to‘g‘ridan to‘g‘ri sotish huquqi beriladi. Sotuv kredit, bo‘lib-bo‘lib to‘lash, lizing yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa shartnomalar asosida amalga oshirilishi mumkin.
Shuningdek, tijorat banklari balansiga o‘tgan bino-inshootlar, uskunalar va boshqa mol-mulklar negizida ularning investitsiya kompaniyalari orqali faoliyati to‘xtab qolgan ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish obyektlarini qayta tiklash va ularni tayyor biznes sifatida investorlarga sotish imkoniyati yaratiladi.
1-sentabrdan esa da’vo arizalarini soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqish chegarasi oshiriladi. Bunda yuridik shaxslar uchun BHMning 150 baravarigacha, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun 100 baravarigacha va jismoniy shaxslar uchun 50 baravarigacha etib belgilandi.
Mazkur qaror bank tizimida muomaladan chiqarilgan aktivlar aylanishini jadallashtirish, investorlar uchun qulay muhit yaratish va iqtisodiy faollikni oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy bank toʻrtta mikromoliya tashkilotini roʻyxatdan oʻtkazgani haqida yozgandi.