AQSh investorlari Xitoyga oid $800 mlrd sarmoyani sotishga majbur bo‘ladi

Goldman Sachs banki mutaxassislarining fikricha, agar AQSh va Xitoy oʻrtasidagi iqtisodiy ziddiyat kuchaysa, amerikalik investorlar Xitoyga oid $800 mlrdlik sarmoyalarni sotishga majbur boʻladi.
Bu sarmoyalar asosan Xitoy kompaniyalarining AQSh fond bozorlari orqali sotiladigan aksiyalariga tegishli. Bu aksiyalar odatda ADR (Amerika depozitar kvitansiyalari) shaklida boʻladi. Misol uchun, Alibaba, JD.com yoki Pinduoduo kabi yirik Xitoy kompaniyalarining aksiyalari AQSh birjalarida aynan shu usulda sotiladi.
Goldman Sachs tahlilchilarining yozishicha, hozirda ushbu ADRlarning taxminan 7 foizi AQShdagi yirik investorlarga tegishli. Ammo bu investorlar u aksiyalarni Gonkong birjasida sotib olish yoki almashtirish imkoniga ega emas. Agar Xitoy kompaniyalari AQSh fond birjalaridan chiqarib yuborilsa (yaʼni, majburiy delisting boʻlsa), bu sarmoyadorlar ularni boshqa bozorda sotolmaydi. Bu ADR aksiyalarining narxini 9 foizgacha pasaytirishi mumkin.
Shuningdek, Bloomberg nashri vaziyat chindan ham yomonlashsa, Xitoyning oʻzi ham AQShdagi investitsiyalarini chiqarib yuborishga majbur boʻlishi mumkinligi qayd etgan. Bugungi kunda bu sarmoyalar hajmi — $1,7 trillionni tashkil qiladi.
Eslatib oʻtamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Tramp bojlarining O‘zbekiston savdosiga ta’siri haqida yozgan edi.