
Toshkentdagi xalqaro va mahalliy aviaqatnovlar terminallarida yo‘lovchilar yuklarini saqlab, shaharda bemalol vaqt o‘tkazishlari uchun avtomatik saqlash javonlari o‘rnatildi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.
Xalqaro terminaldagi javon jo‘nash terminalining 1-qavatida joylashgan bo‘lib, 24 soat davomida ishlaydi. Yuklarni bir soat saqlash uchun narx 15 ming so‘mdan 40 ming so‘mgacha (bagaj hajmiga qarab) etib belgilangan. Yuklar uchun standart (60x50x80 sm), o‘rta (90x50x80 sm) va katta (180x50x80 sm) hajmdagi o‘lchamlar mavjud.
Mahalliy terminaldagi javon esa uchib ketish va kelish zallari o‘rtasida joylashgan. U ham 24 soat davomida faoliyat yuritadi. Barcha o‘lchamlar uchun soatiga 10 ming so‘m. Yuklar o‘lchamlari kichik (43x50x34 sm), standart (60x50x80 sm) bo‘lishi kerak.
To‘lov jarayonida saqlash joyi tanlanib, naqd yoki bank kartasi orqali amalga oshiriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent aeroportida ilk milliy taomlar restorani ochilgani haqida yozgandi.