
Xitoyning Zeekr kompaniyasi o‘zining yangi elektr avtomobili — Zeekr 007 GT modelini rasmiy ravishda taqdim etdi. Bu haqda Autohome nashri xabar berdi.
Shooting brake kuzovida ishlab chiqilgan bu universal avtomobil kuchli texnik xususiyatlari va nisbatan arzon narxi bilan ajralib turadi. Avtomobil uchta versiyasida taqdim etildi.
Kuzov o‘lchamlari 4864 × 1900 × 1460 mm, g‘ildirak bazasi — 2925 mm, g‘ildiraklari 19 va 20 dyuymli variantlarda mavjud. Boshqaruv tizimi Qualcomm Snapdragon 8295 chipiga asoslangan bo‘lib, 15,05 dyuymli OLED ekranli media tizimga ega. Asosiy versiyada 421 ot kuchiga ega orqa g‘ildirakli elektromotor, yuqori versiyada esa 645 ot kuchiga ega ikkita elektromotor bilan to‘liq g‘ildirakli haydov tizimi ham bor.





Zeekr 007 GT modeli Zeekr Stargate nomli 1711 ta LEDdan tashkil topgan 90 dyuymli yorug‘lik paneli bilan jihozlangan. Avtomobilning old qismida tormozlarni samarali sovutish uchun shamollatish qurilmalari mavjud. Ichki saloni esa katta hajmli bagaj joyi (1737 litr) va opsional sovutgich bilan ta’minlangan.
Ushbu model Xitoy bozorida taxminan $27 mingdan boshlanadi. Avtomobilning yuqori versiyalari esa qariyb $31,7 minggacha boradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 15-apreldan Zeekr 007 GT modeli Yevropa bozori uchun sotuvga chiqishi haqida yozgandi.