
Shavkat Mirziyoyevga energetika sohasidagi dolzarb vazifalar va amalga oshirilayotgan yangi loyihalar bo‘yicha axborot berildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, oxirgi besh yilda O‘zbekistonda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 30 foizga oshib, 81,5 mlrd kilovatt soatga yetdi. 2035-yilga borib bu raqam 121 mlrdga yetishi kutilmoqda. Shu bois energiya ta’minotini barqarorlashtirish maqsadida «yashil» energiya ulushini 2030-yilgacha 54 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Eng istiqbolli yo‘nalishlardan biri – mikro-GES qurish. 2025–2026-yillarda umumiy quvvati 167 megavatt bo‘lgan 2 983 ta mikro-GES qurilishi ko‘zda tutilgan. Joriy yilda esa 1 185 ta yangi mikro-GES ishga tushiriladi.
Shuningdek, kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi ham rejalashtirilgan bo‘lib, bu loyiha Xalqaro atom energiyasi agentligining qat’iy nazorati ostida amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq markirovkalash tizimi ustidan nazorat kuchaytirilishi haqida yozgan edik.