Bozorlarda 22 million so‘mlik muddati o‘tgan mahsulotlar savdodan olindi

Toshkent shahridagi bozorlarda muddati o‘tgan mahsulotlar savdoga qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Toshkentdagi «Yunusobod», «Aviasozlar», «Sergeli» va «Navro‘z» dehqon bozorlarida yaroqlilik muddati o‘tgan yoki muddati ko‘rsatilmagan mahsulotlar savdoga qo‘yilgani aniqlandi. Natijada bozorlarda quyidagi mahsulotlar savdodan olib tashlandi:
- yaroqsiz mol va tovuq go‘shtlari, ularning qiymalari;
- ishlab chiqarish muddati o‘tgan dudlangan kolbasa va sosiska;
- iste’molga yaroqsiz sut-tuxum mahsulotlari, banan va tuzlamalar.
Qo‘mitaga yil boshidan beri oziq-ovqat mahsulotlari bilan bog‘liq 403 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 131 tasida yaroqlilik muddati o‘tgan yoki sanasi ko‘rsatilmagan mahsulotlar savdosi haqida aytilgan.
Natijada 45 ta qonunbuzarlik holati aniqlanib, tadbirkorlarga majburiy ko‘rsatmalar berildi. 22 mln so‘mlik sifatsiz mahsulotlar savdodan olib tashlanib, iste’molchilarga yetkazilgan zarar qoplandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Raqobat qo‘mitasi 54 ta sifatsiz mahsulotni savdodan qaytargani haqida yozgandi.