
Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida global iqtisodiy tebranishlar sharoitida O‘zbekiston iqtisodiy barqarorligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Bugungi kunda O‘zbekiston jahon iqtisodiyotining ajralmas bo‘lagi sifatida faol ishtirok etmoqda. Oxirgi yillarda eksport 2,2 barobar oshib, tashqi savdo aylanmasi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 57 foizga yetdi. Shu bilan birga, global o‘zgarishlar — inflyatsiya, tariflar va cheklovlar xalqaro savdoga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Yig‘ilishda iqtisodiyotni mustahkamlash uchun ichki imkoniyatlarni safarbar qilish, eskirgan standart va sertifikatlash tizimini isloh qilish zarurligi ta’kidlandi. Farmonga ko‘ra, ko‘plab byurokratik to‘siqlar bekor qilinadi, xalqaro standartlar joriy etiladi.
Shuningdek, oziq-ovqat, asbob-uskuna va texnika importida milliy sertifikat talab etilmasdan, xorijiy sifat tizimlari tan olinadi. Eksportni rag‘batlantirish maqsadida ko‘plab cheklovlar bekor qilinib, soliq yengilliklari taqdim etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq chetdan kelagan tovarlar uchun bojxona qiymati xalqaro standartlarga mos shaklda aniqlanishi haqida yozgan edik.