Endi tadbirkorlar ayrim soliqlarni yil davomida ikkiga bo‘lib to‘laydi

Endilikda shakar mahsulotiga aksiz to‘lovi bekor qilinishi belgilandi. Quruq sut importiga qo‘yilgan cheklovlar ham olib tashlanadi. Bu haqda prezident yig‘ilishda ma’lum qildi.
Davlat rahbari buning hisobiga 40 ming odam ishlaydigan 5,5 ming qandolat va salqin ichimlik ishlab chiqaruvchi korxonalarning yillik aylanmasi kamida 50 trillion so‘mga yetishini ta’kidladi.
Shuningdek, Soliq qo‘mitasiga «keshbek» tizimini tartibga solib, adolatli tizimni yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Davlat rahbari tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan yana bir masalaga to‘xtaldi. Jumladan, joylarda yer solig‘i va ijara to‘lovlariga oshiruvchi koeffitsiyent belgilayotganda uning biznesga ta’sirini o‘rganish, tadbirkorlarning imkoniyati va moliyaviy ahvolidan kelib chiqib, qaror qabul qilish kerakligi ta’kidladi.
«Tushumni ko‘paytirish soliq stavkasini oshirish hisobidan bo‘lmasligi kerak. Aksincha, tadbirkorga yordam berib, soliq bazasini kengaytirsak, tushum ko‘payadi, tadbirkorlar ham rozi bo‘ladi», – dedi prezident.
Natijada tadbirkorlarga yer solig‘i va ijara to‘lovlarini yil davomida ikkiga bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan chetdan kelgan tovarlar uchun bojxona qiymati xalqaro standartlarga mos shaklda aniqlanishi haqida yozgandi.