Janubiy Koreya kompaniyasi Urganch aeroportining xususiy boshqaruvchisi bo‘ldi

eʼlon qilindi
Janubiy Koreyaning Incheon International Airport Corporation kompaniyasi
Janubiy Koreya kompaniyasi Urganch aeroportining xususiy boshqaruvchisi bo‘ldi / Foto: Uzbekistan Airports

Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish va boshqarish bo‘yicha o‘tkazilgan tender yakuniga yetdi. Tanlov natijasiga ko‘ra, Janubiy Koreyaning Incheon International Airport Corporation kompaniyasi g‘olib deb topildi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.

Tender 2024-yil 1-avgustda e’lon qilingan bo‘lib, loyiha «Qurish–boshqarish–topshirish» (BOT) modeli asosida amalga oshirilgandi. Jarayon malaka va takliflar so‘rovi bosqichida bo‘lib o‘tdi. Umumiy hisobda 8 ta kompaniya ishtirok etib, ulardan 5 tasi yakuniy bosqichga yo‘l oldi.

Loyihaga ko‘ra:

  • Xususiy sherik: yo‘lovchi va yuk terminallarini qurish, boshqarish va xizmat ko‘rsatishni amalga oshiradi.
  • Davlat sherigi: uchish-qo‘nish yo‘lagi, perron va aerodrom majmuasi infratuzilmasi uchun mas’ul bo‘ladi.
  • Shartnoma 19 yillik konsessiya muddatini o‘z ichiga oladi.

«Ochiq tender e’lon qilingani yirik xalqaro aeroport kompaniyalarida katta qiziqish uyg‘otdi. Tanlov g‘olibi bo‘lgan Incheon xalqaro aeroporti nafaqat Koreya Respublikasining asosiy havo darvozasi, balki Shimoliy-Sharqiy Osiyodagi eng yirik transport markazlaridan biri bo‘lib, u bir necha marotaba dunyoning eng rivojlangan va gavjum aeroportlari 10 taligiga kirgan. 2024-yil yakunlari bo‘yicha aeroport 70 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan.
Urganchdagi loyihani amalga oshiradigan jamoa Xorazm aeroportini yo‘lovchilar uchun eng zamonaviy va qulay aeroportlardan biriga aylantirib, mintaqaning xorijlik sayyohlar uchun jozibadorligini oshirishiga va umuman, O‘zbekiston aviatsiya sohasini rivojlantirishga hissa qo‘shishiga ishonamiz», – deyiladi kompaniya xabarida.

Ma’lumot uchun, ushbu tender Transport vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Uzbekistan Airports hamkorligida tashkil etilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Andijon aeroportida yiliga 3,7 mingta parvozlar amalga oshirilishi haqida yozgandi.

Shuningdek