Yangiliklar

Mineral suv ishlab chiqaruvchilarining koʻrsatkich tekshiruvi bir joyda tashkil etiladi

Prezident mineral suv ishlab chiqarish sohasidagi byurokratik toʻsiqlarni tanqid qildi
Shavkat Mirziyoyev
Mineral suv ishlab chiqaruvchilarining koʻrsatkich tekshiruvi bir joyda tashkil etiladi / Foto: Prezident matbuot xizmati

Endilikda mineral suv ishlab chiqaruvchilarining koʻrsatkich tekshiruvi bir joyda tashkil etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev rahbarligida oʻtayotgan videoselektorda maʼlum qilindi.

Hozirda mineral suv ishlab chiqaruvchilar 45 ta koʻrsatkich boʻyicha tahlil xulosasini olish uchun turli laboratoriyalarga murojaat qilishga majbur. Ularning 43 tasi boʻyicha Sanitariya-epidemiologiya qoʻmitasi tizimidagi laboratoriyalar xizmat koʻrsatsa, qolgan 2 tasi boshqa tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.

Ushbu murakkab va vaqt talab qiladigan jarayon tadbirkorlarning faoliyatini sekinlashtirmoqda va qoʻshimcha xarajatlarga olib kelmoqda. Shu sababli, barcha koʻrsatkichlarni bir joyda tekshirish tizimini joriy etish Sanitariya-epidemiologiya qoʻmitasiga topshirildi.

Bu qaror orqali mineral suv ishlab chiqaruvchilarga qulaylik yaratish, jarayonni tezlashtirish va ortiqcha toʻsiqlarni bartaraf etish maqsad qilingan.

Eslatib oʻtamiz, Shavkat Mirziyoyev eskirgan standartlar va byurokratiya tadbirkorlikka toʻsiq ekanini taʼkidlagan edi.