
SAEAS «Focus» markazi tomonidan 2025-yil mart-aprel oylarida o‘tkazilgan telefon orqali ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonliklar jahon siyosiy kuchlaridan asosan iqtisodiy hamkorlikni kutmoqda.
So‘rovda mamlakat bo‘ylab tasodifiy tanlab olingan 1300 nafar fuqarodan xalqaro maydonda yetakchilik qilayotgan davlatlar va ittifoqlardan qanday yordam va hamkorlik kutishlari so‘ralgan. Savollarga javob berganlar yoshi va jinsi bo‘yicha tortilgan, xato ehtimoli 3 foizni tashkil etadi.
Eng asosiy umidlar – savdo va energetika sohasida
Ishtirokchilar deyarli barcha jahon kuchlaridan savdo aloqalari va energetika loyihalari bo‘yicha hamkorlik kutishlarini bildirgan. Ayniqsa, Rossiya, AQSh, Xitoy va Yevropa Ittifoqi kabi kuchlardan aynan shu yo‘nalishlar bo‘yicha katta kutishlar mavjud.
Rossiyadan ish o‘rinlari va mehnat migratsiyasi borasida ham katta umidlar ko‘zga tashlangan. Xitoy esa, savdo va energetika bilan birga, harbiy hamkorlik bo‘yicha eng ko‘p kutilgan davlat bo‘lib chiqdi.
«Bizni tinch qo‘ysin» deganlar ham kam emas
Kutilmagan natijalardan biri – ayrim xalqaro kuchlarga nisbatan «ular bizni tinch qo‘ysin» degan yondashuvning ancha kuchli bo‘lishidir. Xususan, Turkiya va Yevropa Ittifoqi bu javob variantida yetakchilik qildi: mos ravishda 13% va 7% respondent aynan shunday fikr bildirgan.
Turkiyaga nisbatan munosabat ikki tomonlama
So‘rovda o‘zbekistonliklarning Turkiyaga nisbatan munosabati murakkabligi qayd etildi. Har beshinchi ishtirokchi ushbu mamlakatdan iqtisodiy hamkorlik kutsa, har yettinchi respondent Turkiyaga salbiy munosabat bildirgan. Bu salbiy qarashlar Turkiyaning Yaqin Sharqdagi tashqi siyosati, xususan, Isroil-Falastin mojarosidagi pozitsiyasi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston aholisi uchun xalqaro hamkorlik – bu, eng avvalo, iqtisod
So‘rov natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonliklar uchun xalqaro kuchlar bilan hamkorlik qilishda asosiy mezon iqtisodiy manfaatdir. Ular, avvalo, ish o‘rinlari, arzon energiya, foydali savdo va sarmoya kutishmoqda. Madaniy va harbiy hamkorlik esa ikkinchi planda qolmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan pasporti xalqaro indeksda kuchsizlar qatorida qayd etilgani haqida xabar bergan edi.