
Mamlakatda amaldagi standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimi zamon talablariga javob bermayotgani tadbirkorlik faoliyatiga jiddiy toʻsiq boʻlmoqda. Shavkat Mirziyoyev bu boradagi byurokratiya va eskirgan talablarga qatʼiy munosabat bildirdi.
«Vazirlar, hokimlar qachon tadbirkorlarni eshitib, qaysi standartni yangilash, qaysi birini bekor qilish, nima mahsulotni majburiy sertifikatlash roʻyxatidan chiqarishni oʻylab koʻrdi? Afsuski, bunga ijobiy javob yoʻq», – degan davlat rahbari.
Hozirda mamlakatda mavjud 25 mingdan ortiq standart va 41 ta texnik reglament xalqaro bozorlardagi talablar bilan mos emas. 13 ming turdagi tovarning 6,5 ming turi majburiy sertifikatlanadi, bu esa ishlab chiqarish tannarxini oshirmoqda.
Shuningdek, investorlar koʻplab laboratoriyalar xalqaro standartlarga javob bermasligi, rivojlangan davlatlar standartlari esa tan olinmayotganini taʼkidlashmoqda.
Sertifikatlash organlari bir vaqtning oʻzida bozorlarda nazoratni ham amalga oshirmoqda. Bu esa manfaatlar toʻqnashuviga olib kelayotgani qayd etilgan.
Eslatib oʻtamiz, Kursiv Uzbekistan nashri xalqaro tariflar sabab global savdo $3,5 trlnga qisqarishi mumkinligi haqida yozgan edi.