Yangiliklar

Xalqaro tariflar sabab global savdo $3,5 trlnga qisqarishi mumkin – Shavkat Mirziyoyev

Uch-toʻrt kun ichida xalqaro moliya bozorlari $10 trillion yoʻqotgani Oʻzbekiston uchun kuchli signal boʻlishi kerak

Xalqaro tariflar sabab global savdo $3,5 trlnga qisqarishi mumkin

Yuqori boj stavkalari global inflyatsiyani 8 foizgacha oshirishi mumkin. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev rahbarligida oʻtayotgan videoselektorda maʼlum qilindi.

Soʻnggi kunlarda xalqaro moliya bozorlarida yuzaga kelgan beqarorlik jiddiy xavotirlarga sabab boʻlmoqda. Prezidentning soʻzlariga koʻra, uch-toʻrt kun ichida xalqaro moliya bozorlari $10 trillion yoʻqotgani Oʻzbekiston uchun kuchli signal boʻlishi kerak.

Yuqori tariflar natijasida global savdo hajmining $3,5 trillionga qisqarishi, inflyatsiya esa 7,5–8 foizga yetishi mumkinligi prognoz qilinmoqda. Bu holat pandemiya davridagi kabi global taʼminot va qiymat zanjirlarida uzilishlarga olib kelishi mumkin.

Prezident toʻqimachilik, elektr texnikasi, avtomobilsozlik va oziq-ovqat sanoati kabi eksportda yuqori ulushga ega sohalarga jiddiy zarba berilishi mumkinligini taʼkidladi.

Shuningdek, oʻziga nisbatan eng yuqori boj stavkalari qoʻyilgan davlatlar Oʻzbekiston eksport qilayotgan yoʻnalishlarga oʻz mahsulotlari bilan kirib borish uchun agressiv savdo siyosatini yuritishi ehtimoli qayd etildi. Natijada ip-kalava, mato, tayyor tekstil mahsulotlari va maishiy texnika bozorlarida raqobat keskinlashishi kutilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifi doirasida hududda investitsiya loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirayotgan xorijiy kompaniyalar vakillari bilan uchrashgani haqida yozgan edi.