Avto

1980-yillar uslubidagi yangi Mercedes-Benz G-Class «Gelendvagen» taqdim etildi

Narxi 178 ming yevrodan boshlanadi
1980-yillar uslubidagi yangi Mercedes-Benz G-Class «Gelendvagen» taqdim etildi / Foto: Mercedes-Benz

Mercedes-Benz kompaniyasi mashhur W460 modelidan ilhomlangan «Stronger Than The 1980s» nomli G-Class avtomobilining maxsus seriyasini taqdim etdi. Ushbu model ilk marta 1979-yilda ishlab chiqarilgan va hozirgi retro-uslubni zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirgan holda qayta yaratilmoqda.

Foto: Mercedes-Benz

Yangi G-Class’dan jami 460 dona ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Yevropada uning boshlang‘ich narxi 178 ming yevro bo‘lib, yetkazib berish 2025-yil oxirida boshlanadi. Kuzov uchun uch xil tarixiy rang – yashil, krem va qum ranglari taklif qilinadi. Tashqi ko‘rinishda esa to‘q sariq burilish chiroqlari, qora pardoz elementlari, besh tirgakli disklar va klassik Mercedes-Benz logotiplari mavjud.

Foto: Mercedes-Benz

Ixtiyoriy tarzda avtomobilga ekspeditsiya bagaj joyi ham o‘rnatilishi mumkin. Kuzovda G-Class sinovlarida Shokl tog‘i silueti tushirilgan nishon mavjud. Salon esa qora charm, kulrang-ko‘k mato va maxsus seriyaga oid emblemalardan tashkil topgan.

Texnik jihatdan ikki xil motor variantlari mavjud: 362 ot kuchiga ega G 450d turbodizel va 443 ot kuchiga ega G 500 benzinli versiyasi. Har ikkalasi 9 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi va to‘liq yurish tizimi bilan jihozlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Volkswagen Passat 2025 – soddalashgan, ammo arzonroq model taqdim etilgan edi.