Zargarlik sohasi uchun yangi soliq imtiyozlari joriy etildi

Endi hunarmandchilik va zargarlik bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga qo‘shimcha imtiyozlar beriladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 2024-yil 1-sentabrdan 2027-yil 1-sentabrgacha «O‘zbekzargarsanoati» va «Hunarmand» uyushmalari a’zolari uchun soliq imtiyozlari amal qiladi.
Shuningdek, bu tadbirkorlar foydalanadigan yerlar va bino-inshootlar mol-mulk hamda yer solig‘idan ozod qilinadi. Qimmatbaho metallardan foydalanadigan affinaj korxonalariga esa qo‘shimcha ruxsatlarsiz mahsulot yetkazib berish va suvenir tangalar ishlab chiqarish huquqi beriladi.
Bundan tashqari, zargarlar o‘zlari tayyorlagan yarimtayyor mahsulotlarni boshqa ishlab chiqaruvchilarga sotish huquqiga ega. Bu mahsulotlar narxi Londondagi qimmatbaho metallar bozori bahosi va Markaziy bank kursidan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq $200 ming to‘lov evaziga O‘zbekistonda 5 yillik yashash guvohnomasi berilishi haqida yozgan edik.