Yangiliklar

«Pasport-viza xizmati» vakolatxonasi qayta tiklanishi mumkin

O‘zbekiston va Rossiya mutasaddilari muhokama olib bordi
«Pasport-viza xizmati» vakolatxonasi qayta tiklanishi mumkin / Foto: DPA/RIA Novosti

Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonlarini tartibga solish bo‘yicha O‘zbekiston va Rossiya mutasaddilari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Dunyo» AA xabar berdi.

Unga ko‘ra, Rossiyaning Toshkentdagi oliy ta’lim muassasalari filiallarida migratsiya tartib-taomillari, tibbiy ko‘rik va rus tili imtihonlarini O‘zbekistonda o‘tkazish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Shuningdek, «Pasport-viza xizmati» davlat unitar korxonasi hamda «Saxarova» ko‘p tarmoqli migratsiya markazining Toshkentdagi vakolatxonalari faoliyatini tiklash masalalari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar O‘zbekistonda rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi bo‘yicha kurslar tashkil etish, imtihonlarga tayyorgarlik markazlarini ochish hamda tibbiy ko‘rik va testlar o‘tkazish uchun ixtisoslashtirilgan tibbiyot klinikasi ochish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashdi.

Rossiya tomoni O‘zbekiston IIVning «Pasport-viza xizmati» vakolatxonasini qayta tiklash bo‘yicha so‘roviga ijobiy munosabat bildirdi.

Shu bilan birga, muhokama qilingan masalalarni joriy yil 27 – 30-aprel kunlari Moskvada o‘tkazilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston – Rossiya idoralararo ishchi guruhi yig‘ilishi kun tartibiga kiritish taklifi ma’qullandi.

Avvalroq «Kursiv» Rossiya O‘zbekistonda «Rodina» raqamli kartasini ishga tushirishi haqida yozgandi.