Yangiliklar

Toshkentning 12 ta istirohat bog‘ida kinologiya punktlari tashkil etiladi

Sinov muddati shu yilning 1-oktabridan 2026-yilning 30-sentabrigacha
Kinologiya
Toshkentning 12 ta istirohat bog‘ida kinologiya punktlari tashkil etiladi / Foto: Ichki ishlar vazirligi

Poytaxtdagi istirohat bog‘lari va xiyobonlarda fuqarolarning xavfsizligini oshirish maqsadida kinologiya punktlari joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Loyihaga ko‘ra, Toshkent shahrining 12 ta istirohat bog‘i va xiyobonida tajriba-sinov tariqasida xizmat itlari ishtirokida faoliyat yurituvchi maxsus punktlar tashkil etiladi. Bu punktlarda fuqarolar, ularning transport vositalari, qo‘l yuklari va boshqa ashyolari giyohvandlik moddalari bor-yo‘qligi bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkaziladi.

Foto: regulation.gov.uz

Sinov muddati shu yilning 1-oktabridan 2026-yilning 30-sentabrigacha o‘tkaziladi.

Ma’lumot uchun, bu kabi kinologiya punktlari xavfsizlikni ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish va jamoat joylarida tartibni saqlash maqsadida faoliyat yuritadi. Punktlarni barpo etish va jihozlash xarajatlari Toshkent shahar hokimligining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan umummilliy birdamlik bog‘lari tashkil etilishi haqida yozgandi.