Yangiliklar

Yuridik shaxslar uchun ayrim soliqlarni bo‘lib to‘lash muddatlari ma’lum qilindi

Shu yilning 15-iyuligacha bir qismini, 1-dekabrigacha qolgan qismini
soliq
Yuridik shaxslar uchun ayrim soliqlarni bo‘lib to‘lash muddatlari ma’lum qilindi / Foto: Pexels.com

Shu yilning 1-oktabridan boshlab bir qator soliq imtiyozlari va soddalashtirilgan tartiblar amaliyotga joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, 1-oktabrdan boshlab, xushbo‘ylashtiruvchi yoki rang beruvchi qo‘shimchalarsiz oq shakarga nisbatan aksiz solig‘i bekor qilinadi. Bu choradan maqsad oziq-ovqat narxini barqarorlashtirish va ishlab chiqaruvchilar xarajatini kamaytirishdir.

Shuningdek, 20 dan ortiq ishchisi mavjud yuridik shaxslar uchun mol-mulk va yer soliqlari, ijara to‘lovlari bo‘yicha hisoblangan soliq summalarini shu yilning 15-iyuligacha bir qismini, 1-dekabrigacha qolgan qismini bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

Shu bilan birga, umumiy ovqatlanish sohasida ishlovchi tadbirkorlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS)ning bir qismini qaytarishda daromad, tovarlar (xizmatlar) realizatsiyasidan olingan umumiy daromadning kamida 80 foizini tashkil etishi belgilandi.

Bundan tashqari, korxonalarning ekologik xavfsizlik infratuzilmasini joriy etish majburiyati muddati quyidagicha uzaytirildi:

  • I toifadagi korxonalar – 2026-yil 1-yanvargacha;
  • II toifadagi korxonalar – 2026-yil 1-iyulgacha.

Ushbu majburiyat avtomatik monitoring stansiyasi, chang-gaz tozalash uskunasi, lokal suv tozalash inshooti va stasionar kuzatuv posti bilan jihozlash ishlari kiradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan tadbirkorlar ayrim soliqlarni yil davomida ikkiga bo‘lib to‘lashi haqida yozgandi.