Apple Xitoy bozorida beshinchi oʻringa tushib ketdi

2025-yilning birinchi choragida Apple kompaniyasining Xitoydagi smartfon savdosi 9 foizga kamaydi. Bu haqda Reuters agentligi IDC tadqiqot kompaniyasi maʼlumotlariga tayanib xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, kompaniya Xitoyda eng koʻp smartfon sotuvchi brendlar orasida beshinchi oʻringa tushdi. Birinchi chorakda Apple 9,8 million dona iPhone yetkazib berdi. Kompaniyaning Xitoydagi bozor ulushi 13,7 foizni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich 2024-yilning shu davrida 15,6 foizga teng edi.
Bu Apple uchun Xitoy bozorida ketma-ket yettinchi chorakda savdo hajmi pasaygan davr boʻlib, boshqa yirik ishlab chiqaruvchilar orasida yetkazib berish hajmi kamaygan yagona kompaniya sifatida qayd etildi.
IDC mutaxassislarining fikricha, Apple qurilmalari narxining yuqoriligi va ularning Xitoy hukumati tomonidan taqdim etilayotgan subsidiya dasturlariga kirmasligi kompaniya savdosining pasayishiga sabab boʻlgan asosiy omillardandir.
Taqqoslash uchun, Xiaomi kompaniyasi shu davrda savdoni 40 foizga oshirib, 13,3 million qurilma sotgan va Xitoy smartfon bozorida yetakchilikni qoʻlga kiritgan. Umumiy hisobda esa mamlakatda smartfon bozori 3,3 foizga oʻsgan.
Shu bilan birga, AQSh va Xitoy oʻrtasidagi davom etayotgan savdo ziddiyatlari Appleʼning mintaqadagi faoliyatiga qoʻshimcha bosim keltirishi mumkin. IDC analitiklarining taʼkidlashicha, import bojlari va iqtisodiy noaniqliklar kelgusi choraklarda isteʼmolchilarning talabiga salbiy taʼsir koʻrsatishi ehtimoldan holi emas.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Apple 2027-yildan bukiladigan iPhone ishlab chiqarishi haqida xabar bergan edi.