
xAI kompaniyasi Grok chat-boti uchun iOS tizimida «Voice with Vision» – ya’ni tasvirni ovoz orqali tushuntirish funksiyasini ishga tushirdi. Bu yangi imkoniyat foydalanuvchilarga qurilma kamerasi orqali ko‘rinayotgan narsalarni botga ko‘rsatish va Grok tomonidan ovozli sharh olish imkonini beradi.
Ko‘rish funksiyasining ovozli rejimga integratsiya qilinishi xAI kompaniyasining Grok imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan strategiyasining bir qismidir. Vizual tahlil yordamida Grok sun’iy intellekt sohasidagi raqobatchilar bilan tenglasha oladigan ilg‘or xizmatlarni taklif etishni maqsad qilgan.
Ilon Mask bu funksiyani «Bu ajoyib!» deya baholadi va Grok’ni bozordagi eng tez rivojlanayotgan sun’iy intellekt tizimi deb atadi.
Yangi ko‘rish funksiyasi Grok’ning mavjud ovozli rejimi bilan uyg‘unlikda ishlaydi. Botda «jasur», «romantik» va «daho» kabi turli shaxsiylik uslublari mavjud bo‘lib, ular foydalanuvchilarga turfa interaktiv uslublarda muloqot qilish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Grok endi hujjatlar, kod, hisobotlar va hatto brauzer o‘yinlarini ham yarata olishi haqida yozgan edik.