
Shavkat Mirziyoyev maktab ta’limi va pedagoglar tayyorlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida bu yo‘nalish ustuvor deb belgilangan.
Pedagogika yo‘nalishidagi oliygohlar soni ko‘p bo‘lsa-da, ilmiy salohiyat past — atigi 40 foiz. Aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha mutaxassislar yetishmayapti. Shu bois O‘zbekiston milliy pedagogika universitetini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
«Yangi O‘zbekiston» universitetida zamonaviy yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlash, yangi laboratoriyalar va klinika tashkil etish ko‘zda tutilgan. Maktablarda esa 9 ming o‘quvchining bilimi PISA dasturi asosida baholanadi.
Yil oxirigacha 112 mingta yangi o‘quvchi o‘rni, 58 ta zamonaviy maktab barpo etiladi. Shuningdek, yoshlar uchun xavfsiz axborot muhiti yaratish, milliy kontentni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Kasbiy ta’lim» platformasi ishlab chiqilishi haqida yozgan edik.