Yangiliklar

Pavel Durov: Telegram 12 yil davomida hech qachon shaxsiy xabarlarni oshkor qilmagan

U messenjer foydalanuvchilari ma’lumotlarini politsiyaga berish amaliyoti haqida gapirdi
Foto: Mail.ru

Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov xizmatning butun 12 yillik tarixida hech qachon foydalanuvchilarning shaxsiy xabarlarini oshkor qilmaganini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining rasmiy Telegram-kanalida qayd etgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Telegram faqat jinoyat sodir etishda gumon qilingan shaxslarning IP manzillari va telefon raqamlarini taqdim etishga tayyor. Biroq, bu faqat sud qarori mavjud bo‘lsa va xabarlarning mazmuni uzatilmasa sodir bo‘ladi.

Durov kompaniyaning prinsipial pozitsiyasini ta’kidlagan: Telegram messenjeri shifrlashni zaiflashtirish uchun «backdoor»larni qo‘llashdan ko‘ra bozorni tark etishni afzal ko‘radi. Bunday xatti-harakatlar insonning asosiy huquqlarini buzish hisoblanadi.

Uning tushuntirishicha, bunday «orqa eshiklar»ga faqat huquq-tartibot idoralari kirishiga texnik jihatdan kafolat berish mumkin emas. Uning fikricha, orqa eshiklardan hamma foydalanishi mumkin – xorijiy razvedka idoralaridan tortib xakerlargacha, bu qonunga bo‘ysunuvchi barcha foydalanuvchilarning shaxsiy hayoti va xavfsizligiga tahdid soladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Durov WhatsApp’ni Telegram’ning «arzon nusxasi» deb atagan edi.