Elektrotexnika sohasida 4,6 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi

eʼlon qilindi
71 ta loyiha orqali
Elektrotexnika sohasida 4,6 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi / Foto: Empire.ru

Shavkat Mirziyoyev elektrotexnika sohasidagi yutuqlar va kelgusi rejalarga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, so‘nggi yillarda bu tarmoq mamlakat sanoatining yetakchi yo‘nalishlaridan biriga aylandi – eksport hajmi 7 barobarga oshdi, mahsulotlar esa 63 ta davlatga yetkazilmoqda.

Bugungi kunda elektrotexnika tarmog‘ida 500 ga yaqin korxonalar faoliyat yuritmoqda, ularda 27 mingdan ziyod ish o‘rinlari mavjud. Shu yil boshida qabul qilingan Prezident qaroriga ko‘ra, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, xorijiy sarmoya va brendlarni jalb etish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.

Joriy yilning birinchi choragida ishlab chiqarish hajmi 7 trln so‘mdan oshdi, eksport $310 mlnga yetib, 1,3 barobarga o‘sdi. $55 mln investitsiya o‘zlashtirildi, shundan 48 mln qismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyadir.

Kelgusida 71 ta loyiha orqali 4 600 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Yil yakunigacha ishlab chiqarish hajmini 43 trln so‘mga yetkazish, eksportni esa $1,7 mlrdga oshirish rejalashtirilgan.

Prezident sanoatning tez o‘zgarayotgan global talablar asosida rivojlanishi, mahalliylashtirishni chuqurlashtirish va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash muhimligini ta’kidladi. Eksport geografiyasini kengaytirish va yangi bozorlarni egallash asosiy vazifa sifatida belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq kimyo sanoatida ishlab chiqarish hajmi 1,5 barobar o‘sgani haqida yozgan edik.
 

Shuningdek