O‘zbekistonda «Haj va Umra yagona portali» va mobil ilovasi ishlab chiqiladi

Shu yilning 1-sentabrigacha fuqarolarning ibodat va diniy rasm-rusumlarni bajarishini qulaylashtirish maqsadida «Haj va Umra yagona portali» hamda uning mobil ilovasi ishlab chiqiladi. Bu haqda prezident farmoni qabul qilindi.
Yangi portal orqali Haj safariga boruvchilar uchun yagona elektron navbat va Umraga boruvchi ziyoratchilarning elektron ro‘yxati shakllantiriladi. Ushbu tadbirlar bo‘yicha barcha ma’lumotlarni raqamlashtirish va rasmiylashtirish ishlari yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi endilikda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi deb nomlanadi. Unda islomshunoslik va dinshunoslik sohalarida mutaxassislar tayyorlash, o‘quv dasturlari, darsliklar, qo‘llanmalar ishlab chiqishga ixtisoslashtirilgan tayanch oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilandi.
Shuningdek, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzurida yangi Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti tashkil etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan aholi uchun onlayn platforma ishga tushirilishi haqida yozgandi.