
AQSh prezidenti Donald Tramp Federal zaxira tizimi (Fed) raisi Jerom Pauellni foiz stavkalarini tushirmagani uchun «asosiy yutqazuvchi» deb atab tanqid qildi. Bu haqda BBC nashri ma’lum qildi.
Tramp ijtimoiy tarmoqda Pauellni «Janob Too Late» deb atab, iqtisodiyotni rag‘batlantirish uchun foiz stavkalarini tezda tushirishni talab qildi. Unga ko‘ra, Pauell o‘z vaqtida harakat qila olmaydi va iqtisodiy sekinlashuv xavfini kuchaytirmoqda.
S&P 500 indeksi 2,4%, Dow Jones 2,5%, Nasdaq esa 2,5%dan ko‘proqqa tushdi. AQSh obligatsiyalarining foiz stavkalari oshdi, dollar qiymati esa pasaydi. Shu bilan birga, investorlar xavfsiz aktivlar izlab, oltinga murojaat qilmoqda — spot oltin ilk bor bir untsiya uchun $3,4 mingni bosib o‘tdi.
Trampning Pauellga bosimi yangi emas. U prezidentligining birinchi davrida ham uni ishdan olishni ko‘rib chiqqan. Yaqinda u Pauellni tezroq ishdan bo‘shatish kerak deb yozdi. Bu Fed mustaqilligi nuqtayi nazaridan jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.
Iqtisodchilar, jumladan Kaliforniya universiteti professori Kristofer Meysner, FED (AQSh Markaziy banki vazifasini bajaradi) mustaqilligi moliyaviy barqarorlik va past inflyatsiya uchun muhimligini ta’kidladi:
«FEDga siyosiy bosim katta xavf tug‘diradi», — dedi u.
Iqtisodiy beqarorlik fonida Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) global iqtisodiy o‘sish prognozlarida «sezilarli pasayishlar» haqida ogohlantirdi. Ekspertlar AQSh iqtisodidagi har qanday o‘zgarish butun dunyo iqtisodiyotiga ta’sir qilishi mumkinligini aytmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan omonatmi yoki obligatsiya: 2025-yilda qaysi biri ko‘proq daromad keltirishi haqida xabar bergan edi.