«Xorijda ish» tizimida ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolarga subsidiya va kompensatsiyalar ajratiladi

Hukumatning 252-sonli qaroriga binoan, xorijda ishlash istagida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari uchun yangi imkoniyatlar yaratildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Qarorga ko‘ra, «Xorijga ishga tayyorlash markazi» tashkil etiladi va bu yerda yagona darcha tamoyili asosida barcha zarur xizmatlar taqdim etiladi. Xorijga vaqtinchalik ishlash uchun ketayotgan fuqarolarni qulay va arzon transport bilan ta’minlash maqsadida avtobus qatnovlari ko‘paytiriladi.
Shuningdek, «Xorijda ish» tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolarga quyidagi yo‘nalishlarda subsidiya va kompensatsiyalar ajratiladi: til va kasbiy imtihonlar xarajatlarini qoplash uchun – BHMning 3 baravarigacha, ishchi vizani rasmiylashtirish xarajatlari uchun – BHMning 5 baravarigacha, yo‘l chiptasi xarajatlari uchun – BHMning 2 baravarigacha.
Bundan tashqari, xorijiy tillar bo‘yicha ko‘p bitiruvchilar yetishtirgan 50 nafar o‘qituvchiga 50 million so‘mdan rag‘bat puli ajratiladi. Shuningdek, rivojlangan davlatlarga vaqtinchalik ishga ketayotgan fuqarolarga 10 mln so‘mgacha mikrokreditlar ajratilishi belgilandi. Kredit muddati 2 yil bo‘lib, u Markaziy bank stavkasidan 4% yuqori foizda beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Kasbiy ta’lim» platformasi ishlab chiqilishi haqida yozgan edik.