Davlat mulki ijarasida oldindan to‘lov qilganlarga chegirma beriladi

Prezident farmoniga muvofiq, davlat mulkini ijaraga berish tartibi yanada takomillashtiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Endilikda ijara shartnomasi tuzilgan kundan boshlab bir oy ichida yillik ijara to‘lovi to‘liq to‘langan taqdirda, ijara oluvchiga Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida chegirma taqdim etiladi.
Shuningdek, 6 oy davomida elektron auksionda ijaraga berilmagan obyektlarning boshlang‘ich narxi 50 foizga pasaytiriladi. Agar shunga qaramay obyektga talab bo‘lmasa, auksionda bitta ishtirokchi qatnashgan taqdirda ham u o‘tkazilgan deb hisoblanadi.
2025-yil 1-iyuldan boshlab Savdo-sanoat palatasining hududiy bo‘linmalariga «Davlat mulki» axborot tizimi orqali ko‘chmas mulklarni to‘g‘ridan to‘g‘ri elektron auksionga chiqarish huquqi beriladi.
Tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan, davlat ishtirokidagi korxonalar tugatilishi haqida ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ xabardor qilingach, ularning moliyaviy faoliyati to‘xtatiladi, soliqlar, yig‘imlar va dividendlar hisoblash taqiqlanadi.
Bundan tashqari, 2025-yil 1-oktabrdan egasiz ko‘chmas mulklarni davlat ro‘yxatiga olish bo‘yicha sudga murojaatlar Davlat aktivlari agentligi tomonidan kiritiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yuridik shaxslar uchun ayrim soliqlarni bo‘lib to‘lash muddatlari ma’lum qilingan edi.