Mart oyida O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyati ko‘rsatkichlari qanchaga oshdi

2025-yilning mart oyida respublikada tadbirkorlik faoliyati yo‘nalishlarida o‘sish kuzatilgan. Kursiv Uzbekistan bu haqda Iqtisodiy islohotlar va tadqiqotlar markazi tayyorlagan tahlillar asosida ma’lumotlarni keltirib o‘tadi.

Soliq tushumlari
2025-yilning mart oyidagi soliq tushumlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19,6 foizga o‘sgan. Yanvar oyida bu ko‘rsatkich 10,3 foizga oshgandi.
Tushumlar Toshkent (49,5%), Namangan (40,0%), Andijon (39,9%), Sirdaryo (35,3%), Buxoro (34,1%), Farg‘ona (33,0%) viloyatlarida va poytaxtda 49,6 foizga sezilarli o‘sishni qayd etgan.
Shuningdek, daromad solig‘i tushumlari 20,3 foizga (yanvar oyida 11,5%) , mulk solig‘idagi tushumlar 21,1 foizga (18%) va yer solig‘i tushumlari 11,1 foizga (7,3%) o‘sdi.
Bojxona to‘lovlari
Bojxona to‘lovlari bo‘yicha tushumlar 15 foizga (yanvar oyida 14,5%ga) oshdi. Bu natija xalqaro savdo hajmining o‘sishi, eksport salohiyatining kengayishi va jahon iqtisodiy jarayonlarga integratsiyaning kuchayishidan dalolat beradi.
Ushbu tushumlarining yuqori o‘sish sur’atlari Sirdaryo (190,0%ga) va Navoiy (+42,8%) viloyatlarida kuzatildi. Barqaror o‘sish holatlari esa Namangan (16,1%), Surxondaryo (13,4%) viloyatlarida, Qoraqalpog‘iston Respublikasida (39,5%) va Toshkent shahrida (18,7%) qayd etildi.
Tahlilga ko‘ra, bojxona tushumlarining oshishi bir qator asosiy tovar yo‘nalishlarida import qilinadigan mahsulot hajmining o‘sishi bilan bog‘liq.
Tovarlar eksporti
Mart oyida tovarlar eksporti o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,1 foizga yuqoriladi. Yanvar oyida eksport hajmi 8,1 foizga oshgandi. Yuqori o‘sish sur’atlari Surxondaryo (124,3%), Samarqand (55,8%), Buxoro (25,4%), Namangan (11,0%) viloyatlari va Toshkent (10,0%) shaharlarida qayd etildi.
Kreditlash hajmi
Bu davrda kreditlash hajmi ham sezilarli oshib, 2024-yilning shu davriga nisbatan 53,7 foizga (yanvar oyida 64,2%ga) ko‘paydi. Kreditlar berish Sirdaryo (115,2%), Namangan (60,3%), Surxondaryo (54,1%), Andijon (46,6%), Navoiy (38,8%), Qashqadaryo (36,4%), Xorazm (32,1%), Jizzax (30,1%) viloyatlarida va Toshkent (70,8%) shahrida yuqori natijani qayd etdi.
Tadbirkorlik demografiyasi
Mart oyi davomida 19,4 mingta yangi korxona ro‘yxatga olindi. Yanvar oyida bu ko‘rsatkich 6126 tani tashkil etgan. Eng ko‘p yangi subyektlar Toshkent (1913), Xorazm (1722), Farg‘ona (1670), Samarqand (1416), Qashqadaryo (1170), Buxoro (1169), Surxondaryo (1123) viloyatlari va Toshkent (4459) shahrida ro‘yxatga olingan.
Tovar birjasi savdosi
Respublika tovar-xomashyo birjasida tuzilgan bitimlar hajmi mart oyida 30,8 foizga o‘sdi. Savdo hajmining eng yuqori ko‘rsatkichlari Qashqadaryo (113,8%), Surxondaryo (80,2%), Jizzax (67,5%), Sirdaryo (36,2%), Samarqand (31,1%), Toshkent (25,7%), Navoiy (24,2%), Buxoro (21,1%) viloyatlarida qayd etildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan mart oyida Cobalt va Onix qanchaga arzonlagani haqida yozgandi.