
Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning Samarqanddagi «Motamsaro ona» yodgorligida rus tilidagi yozuv yo‘qligi haqidagi bayonotiga munosabat bildirdi.
Avvalroq Lavrov mazkur yodgorlikni ziyorat qilganida, halok bo‘lgan askarlarga bag‘ishlangan so‘zlar o‘zbek va ingliz tillarida yozilganiga e’tibor qaratgan, rus tilidagi yozuv nega yo‘qligini so‘ragan edi.
Rektorning fikricha, har bir mamlakat yodgorliklar va tarixiy obidalardagi til siyosatini mustaqil belgilash huquqiga ega. Boshqa davlat yuqori martabali vakillarining bu kabi e’tirozlari noo‘rin.
«Boshqa davlat tashqi ishlar vazirining chetdan kelib, bizni tanqid qilishi noto‘g‘ri. Axir biz ularning mustamlakasi emasmiz!» – dedi Qudratxo‘ja.
U, shuningdek, agar bu kabi masalalar ko‘tarilsa, O‘zbekiston ham Rossiyadagi o‘z fuqarolari, xususan, mehnat migrantlari duch kelayotgan muammolarga e’tibor qaratishga haqli ekanini aytdi.
«Rossiyada bizning migrantlarimiz nega tez-tez kamsitiladi? Ularning huquqlari hokimiyat vakillari yoki politsiya tomonidan buzilganda, nega hech bir amaldor bunga munosabat bildirmaydi? Janob Lavrov ona timsoli muqaddasligini yozuv tiliga bog‘lab gapirayotgan ekan, biz unga inson huquqlari ham shunchalik muqaddas ekanini eslatishga haqlimiz», – deya yakunladi rektor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev va Sergey Lavrov iqtisodiy va madaniy hamkorlik masalalarini muhokama qilgan edi.