Yangiliklar

«Suvda suzish» imkoniga ega BYD Yangwang U8L taqdim etildi

Narxi hozircha e’lon qilinmagan
Yangwang U8L
«Suvda suzish» imkoniga ega BYD Yangwang U8L taqdim etildi / Foto: CarNewsChina

BYD kompaniyasining hashamatli subbrendi Yangwang Shanxay 2025 avtosalonida U8L modelini namoyish etdi. U8L – U8 Luxury Edition asosida yaratilgan va yanada boy konfiguratsiyani taklif qiladi. Bu haqda CarNewsChina nashri ma’lum qildi.

Model uzunligi 5400 mm, g‘ildirak bazasi 3250 mm bo‘lib, uch qatorli salonga ega. Orqa qism cho‘zilgan, bu esa olti o‘rindiqli tartibda qo‘shimcha qulaylik beradi. Yangwang U8L Range Rover va Cullinan’dan ham uzunroq.

U8L ikki rangli bo‘yoq va 24K oltin emblemalari bilan premium darajani ta’kidlaydi. Yangi 23 dyuymli disklari aerodinamik qarshilikni kamaytirishga mo‘ljallangan. Orqa qismda tashqi zaxira g‘ildirak olib tashlangan.

Yuk eshigi vertikal ajralgan bo‘lib, 200 kg gacha vazn ko‘tara oladi. Ochilgan holatda dam olish yoki piknik uchun qulay platforma hosil qiladi. Orqa chiroqlar segmentli bo‘lib, soddalashtirilgan bamper bilan birga ishlangan.

Texnologik jihatdan U8L e⁴ Platformasi va DiSus-P gidravlik boshqaruv tizimiga ega. U8L teshilgan shinalarda yurishi va joyida aylanishi bilan ajralib turadi. Model favqulodda holatlarda suvda suzish imkoniga ega.

U8L to‘rt motorli tizim va 2.0T dvigatel asosida ishlaydi. Quvvat – 880 kVt, moment – 1280 Nm. Bu 1180 ot kuchiga teng bo‘lib, EREV formatida ishlaydi.

Avtomobil DiPilot 300 tizimi bilan ham jihozlangan. U uchta LiDAR yordamida avtopilotda shahar va trassalarda harakatlana oladi. Parkovka, masofadan boshqaruv va avtonom aylanish funksiyasi mavjud.

Yangwang U8L 2025-yil oxirida Xitoyda sotuvga chiqariladi. Narxi hozircha e’lon qilinmagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan BYD Yangwang U8L modeli qachondan sotuvga chiqishi ma’lum qilingani haqida xabar bergan edi.