
Prezident qaroriga binoan Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashkil etiladi. Bu universitet Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va Toshkent davlat stomatologiya institutining negizida barpo etiladi, deya xabar berdi Adliya vazirligi.
Mazkur qarorga ko‘ra, Toshkent tibbiyot akademiyasining markaziy ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi asosida Tibbiyot ilmiy-innovatsion tadqiqot instituti faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Urganch filiali esa alohida Urganch davlat tibbiyot institutiga aylantiriladi.
Toshkent tibbiyot akademiyasi, pediatriya va stomatologiya institutlariga qarashli klinikalar va akademik litseylar yangidan nomlanib, Toshkent davlat tibbiyot universiteti tarkibiga kiradi. Tarmoq klinikalari va filiallar ham shu universitetga birlashtiriladi.
2025/2026-o‘quv yilidan boshlab magistratura bosqichida xorijiy tillarda ta’lim beriladigan maxsus guruhlar tashkil etiladi. Bu esa xalqaro standartlarga mos, zamonaviy va chuqurlashtirilgan bilim olish imkonini yaratadi. Shuningdek, talabalar uchun klinik amaliyot bazalari sifatida ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va Toshkentdagi tibbiyot muassasalari jalb etiladi.
2025/2026-o‘quv yilidan boshlab talabalarni yangi universitetga qabul qilish boshlanadi. Hozirda Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va Toshkent davlat stomatologiya institutida tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishni aynan shu universitetda davom ettiradi. Bitiruvchi kurs talabalariga esa belgilangan tartibda Toshkent davlat tibbiyot universiteti diplomi topshiriladi.
Universitet tuzilmasida homiylik va xayriya mablag‘lari hisobidan shakllantiriladigan Toshkent davlat tibbiyot universitetini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti O‘zbekiston milliy pedagogika universitetiga aylantirilishi haqida yozgan edik.