Yangiliklar

17 yoshli Adam Qodirov Checheniston Xavfsizlik kengashi kotibi bo‘ldi

Bu uning birinchi lavozimi emas
17 yoshli Adam Qodirov Checheniston Xavfsizlik kengashi kotibi bo‘ldi / Foto: RBK

Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning 17 yoshli o‘g‘li Adam Qodirov mintaqaviy Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimini egalladi. Bu haqda kengash rasmiy Telegram sahifasida ma’lum qilindi.

Unga ko‘ra, kotiblik lavozimiga tayinlovni to‘liq Ramzan Qodirov amalga oshiradi.

Adam Qodirov, shuningdek, otasining xavfsizligi uchun mas’ul bo‘lim boshlig‘i, Ukrainadagi harbiy batalonlar kuratori va boshqa muhim lavozimlarni ham egallab kelmoqda. U «Checheniston Qahramoni» unvoniga sazovor bo‘lgan va Rossiya rekordlar kitobiga eng yosh xavfsizlik rahbari sifatida kiritilgan.

Uning faoliyati jamoatchilik e’tiborini tortgan, ayniqsa, tergov izolyatorida Qur’onni yoqishda ayblangan shaxsni kaltaklaganidan so‘ng u yuqori martabalarga ko‘tarila boshladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ramzan Qodirov Rossiyadagi migratsiya siyosatini haqida fikr bildirgan edi.