O‘zbekiston va Turkmaniston tovar ayirboshlash hajmini qariyb ikki baravarga oshirmoqchi

O‘zbekiston va Turkmaniston tovar ayirboshlash hajmini $2 mlrdga yetkazmoqchi. 2024-yilda bu ko‘rsatkich $1,1 mlrdni tashkil etgan. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning Samarqanddagi uchrashuvida ma’lum qilindi.
Muzokaralarda siyosiy, iqtisodiy, madaniy va mintaqaviy hamkorlik masalalari muhokama qilindi. «Shovot – Toshovuz» chegaraoldi savdo zonasini tashkil qilish loyihasi ham alohida qayd etilgan.
Shuningdek, Xiva shahrida hududlar forumi va Turkmaniston madaniyati kunlarini o‘tkazish qayd etilgan. Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedovga uning «Tafakkur gavhari» kitobining o‘zbek tilidagi nashrini sovg‘a qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Gurbanguli Berdimuhamedov «Oliy Darajadagi Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlangani haqida yozgan edi.