Banklar sof foydani 43 foizga oshirdi: 2025-yilning 1-choragi natijalari

O‘zbekiston bank sektorining 2025-yil 1-choragi yakunlari bo‘yicha sof foyda hajmi 3,42 trln so‘mga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 43% ko‘pdir (2024-yil 1-choragi: 2,38 trln so‘m).
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, banklarning foiz daromadlari 11,7% ga oshib, 28,9 trln so‘mni tashkil etgan. Shu bilan birga, foiz xarajatlari 20 trln so‘mga yetgan. Foiz marjasi 8,8 trln so‘mni tashkil etdi (o‘sish – 12%).
Foizsiz daromadlari 27% ga oshgan bo‘lsa, operatsion xarajatlar ham ko‘paygan.
Shu bilan birga, banklar kredit va lizing operatsiyalari bo‘yicha yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zararlarni qoplash uchun ajratgan zaxiralar 7,5 trln so‘mdan 8,3 trln so‘mga oshdi. Bu 11 foizga yaqin o‘sishni anglatadi.

Manba: Markaziy bank
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2024-yil mart oyida «Ipoteka-bank» muammoli kreditlar hajmi bo‘yicha respublikadagi eng yirik ko‘rsatkich – 3,5 trln so‘m bilan ilgari birinchi o‘rinda bo‘lgan «O‘zmilliybank»ni ortda qoldirgani haqida xabar bergan edi.