
Boeing kompaniyasi 2025-yilning birinchi choragida moliyaviy koʻrsatkichlarini sezilarli darajada yaxshilaganini e’lon qildi. Kompaniyaning sof zarari oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 11 baravarga kamayib, $355 milliondan $31 milliongacha tushdi. Bu haqda kompaniya hisobotida ma’lum qilindi.
Daromad esa 18 foizga oshib, $19,5 milliardga yetdi va tahlilchilar prognozlaridan yuqori boʻldi. Tijorat boʻlimi tushumni 75 foizga oshirib, $8,1 milliardga olib chiqdi. Samolyot yetkazib berish hajmi 56 foizga koʻpayib, 130 donani tashkil etdi – bu kompaniya uchun bir yildan ortiq vaqt ichidagi eng yaxshi choraklik natija boʻldi.
23-aprel kuni Boeing aksiyalari deyarli 9 foizga koʻtarilib, $176,6 ga yetdi – bu oxirgi bir oydagi eng yuqori narx. Biroq yil boshidan beri kompaniya aksiyalari hali ham 2,5 foizga pasaygan.
AQShning davom etayotgan savdo bojlari tufayli Xitoyga samolyot yetkazib berishlar toʻxtatilgan. Biroq Boeing ushbu samolyotlarni boshqa xaridorlarga yoʻnaltirishni rejalashtirmoqda. Kompaniya bosh direktori Kelli Ortberg 737 Max samolyotlariga talab yuqoriligini ta’kidladi va yetkazib berishlar kechiktirilmasligini ma’lum qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Boeing kompaniyasi 17 ming xodimini ishdan boʻshatishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.