MB asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirdi

Bugun, 24-aprel kuni Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Bu haqda regulyatorning matbuot xizmati xabar berdi.
«Ushbu qaror inflyatsiya ko‘rsatkichlari va kutilmalarini barqaror pasayish trendiga qaytarishga va o‘rta muddatli istiqbolda 5 foizlik targetga erishish uchun yetarli sharoit yaratishga xizmat qiladi», – deyiladi Markaziy bank xabarida.
Markaziy bank o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning 5 foizlik maqsadli darajasigacha pasayishini ta’minlash uchun pul-kredit sharoitlarini yetarli darajada qat’iy shakllantirishni davom ettirishini ma’lum qildi. May oyida kutilayotgan energiya narxlari erkinlashtirilishining navbatdagi bosqichi inflyatsiya va inflyatsion kutilmalarga ikkilamchi ta’sirlaridan kelib chiqqan holda pul-kredit sharoitlari qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligi ma’lum qilindi.
2025-yil boshidan umumiy inflyatsiya darajasida biroz oʻsish kuzatilib, mart oyi yakunlari boʻyicha yillik 10,3 foizni tashkil etdi.
Ushbu dinamika ayrim tovar va xizmatlar narxlarining oʻsishi hisobiga yuzaga keldi. Xususan, yoqilgʻi narxlari, kommunal, transport, ta’lim va tibbiy xizmatlar tariflari oshishi inflyatsion kutilmalarga ham oshiruvchi ta’sir koʻrsatdi va mart oyida aholining inflyatsion kutilmalari 14,2 foizga, tadbirkorlik subyektlarining kutilmalari esa 13 foizga teng boʻldi.
Yil boshidan asosiy savdo hamkorlar valyutalarining mustahkamlanishi ta’sirida real samarali almashuv kursi pasayish tendensiyasini namoyon etib, oʻzining oʻrta muddatli trendiga yaqinlashmoqda.
«Yuqoridagi omillarni hisobga olgan holda, Markaziy bank boshqaruvi oʻrta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida asosiy stavkani 14 foiz darajasida qoldirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi», – deyiladi MB xabarida.
Navbatdagi asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha yig‘ilishi 2025-yil 12-iyul kuniga belgilangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan MB narxlar barqarorligini ta’minlash uchun asosiy stavkani 0,5 foiz bandga oshirgani haqida yozgandi.