
FIFA rasmiy saytida e’lon qilingan «U-17 Osiyo kubogida porlagan futbolchilar» nomli maqolada Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi hujumchisi Asilbek Aliyev ham e’tirof etildi.
FIFA materialida ta’kidlanishicha, Aliyev Oʻzbekistonning chempionlik yoʻlida eng muhim rollardan birini bajargan. U turnirning guruh bosqichidan chorak finalgacha boʻlgan uchrashuvlarda oʻzining sovuqqonlik, ishonch va instinktga boy hujumchilik fazilatlari bilan ajralib turgan. Yoshiga nisbatan yuksak yetuklik namoyon etgan futbolchi Markaziy Osiyo futbolining eng istiqbolli yulduzlaridan biri sifatida baholanmoqda.
«Bu yosh iqtidor Oʻzbekistonning chempionlik yoʻlida asosiy futbolchilardan biri boʻlib, hujum chizigʻini ishonch va sovuqqonlik bilan boshqardi. Turnirning dastlabki toʻrt uchrashuvida u beshta gol urib, toʻpurar boʻldi», – deyiladi FIFA rasmiy saytida.
Asilbek Aliyev bilan bir qatorda Saudiya Arabistonidan Abdurahmon Sufyani, Janubiy Koreyadan Kim In Song, Shimoliy Koreyadan Kim Yu-Jin, Indoneziyadan Evandra Florasta va Tojikistondan Muhammad Nazriyev kabi yosh iste’dodlar ham turnirning yorqin yulduzlari sifatida tilga olingan.
Eslatib o‘tamiz, 15 yoshli hujumchi turnir davomida beshta gol urib, musobaqaning eng yaxshi toʻpurari nomiga sazovor boʻldi.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasi Osiyo chempioni boʻlgani haqida xabar bergan edi.