Gadjetlar

Redmi Turbo 4 Pro smartfoni taqdim etildi

Narxi $215 atrofida
Redmi Turbo 4 Pro smartfoni taqdim etildi / Foto: Redmi

Xiaomi kompaniyasi Redmi Turbo 4 Pro smartfonini rasman taqdim etdi. Bu qurilma Snapdragon 8s Gen 4 protsessoriga ega bo‘lgan dunyodagi ilk model hisoblanadi, deya yozmoqda ITHome.

U o‘zining kuchli texnik jihatlari va nisbatan arzon narxlari bilan xaridorlar e’tiborini tortmoqda. Dastlabki xaridorlar uchun narxi $255 etib belgilangan bo‘lsa-da, davlat subsidiyasi tufayli $215 ga tushirilgan.

Foto: Redmi

Redmi Turbo 4 Pro besh xil xotira konfiguratsiyasida taqdim etilgan: 12/256 GB, 16/256 GB, 12/512 GB, 16/512 GB va 16 GB/1 TB. Qurilma 6,83 dyuymli IPS displeyga ega bo‘lib, 1.5K aniqlikda, 120 Gts yangilanish tezligida va 3200 nit yorqinlikda ishlaydi. Korpus qalinligi 7,98 mm bo‘lib, yon qismi aviatsion alyuminiydan tayyorlangan, shuningdek, IP66/68/69 standartlariga mos ravishda chang va suvdan himoyalangan.

Foto: Redmi

Asosiy kamera 50 MP va 8 MP dan iborat bo‘lib, maxsus sozlanadigan yoritish tizimi bilan jihozlangan. Qurilmaning orqa paneli shishadan tayyorlangan. Akkumulyator sig‘imi 7550 mA/soatni tashkil etadi va 90 Vt tezkor zaryadlash, 22,5 Vt teskari simli zaryadlash funksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Shuningdek, Redmi Turbo 4 Pro modeli IR-port, NFC chipi va stereo ovoz tizimi bilan jihozlangan. Bu smartfon kuchli ishlash samaradorligi, sifatli kamera tizimi va yuqori sig‘imli batareyasi bilan o‘z sinfidagi eng kuchli raqobatchilardan biri bo‘lishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xiaomi Redmi G Pro 27Q Mini LED monitori taqdim etilgan edi.