
Xitoy 2030-yilga borib o‘z astronavtlarini Oyga tushirishni rejalashtirib, kosmik sohada global yetakchilikka intilmoqda. Bu haqda Reuters nashri ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mazkur yo‘nalishda Xitoy Rossiya bilan hamkorlikda Xalqaro Oy tadqiqot stansiyasi ustida ishlamoqda.
Kelajakdagi baza uchun asosiy masala – energiya ta’minoti. Yaqinda e’lon qilingan rejaga ko‘ra, Xitoy Oyda yadro elektr stansiyasi qurish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Shu bilan birga, quyosh panellari va quvurlar tarmog‘i orqali elektr va issiqlik bilan ta’minlash variantlari ham ishlab chiqilmoqda.
Xalqaro Oy tadqiqot stansiyasi doimiy faoliyat yurituvchi baza bo‘lishi kutilmoqda. «Chang’e-8» missiyasi esa bu baza qurilishiga asos solishi kerak. Shu bilan birga, Rossiya 2035-yilgacha Oyda yadroviy reaktor qurish rejalarini ilgari surgan.
Xitoy bu loyihani global miqyosda olib borishni maqsad qilgan: «555» dasturi orqali 50 davlat, 500 ilmiy muassasa va 5 ming olim hamkorlikda jalb etilishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq NASA Yer tortishish kuchini aniqlovchi kvant qurilma yaratishi haqida yozgan edik.