Banklar va moliya

XVJ Oʻzbekistonga davlat banklarini xususiylashtirish jarayonini tezlashtirishni tavsiya qildi

Banklarni xususiylashtirish moliya tizimining barqarorligini mustahkamlaydi
XVJ Oʻzbekistonga davlat banklarini xususiylashtirish jarayonini tezlashtirishni tavsiya qildi / Foto: NiceIdeas / Depositphotos

Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (XVJ) Oʻzbekistonda davlat banklarini chuqurroq isloh qilish va ularni xususiylashtirish jarayonini jadallashtirishni tavsiya etdi. Bu tavsiyalar XVJ missiyasining mamlakatdagi tashrifi yakunlari boʻyicha tayyorlangan yakuniy hujjatida qayd etildi.

Jamgʻarma vakillarining fikricha, bank sektorini jadal xususiylashtirish moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash va tizim resurslaridan samarali foydalanishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, davlat aktivlarini maksimal qiymatda sotish uchun qonunchilik bazasini mustahkamlash, moliyaviy sektorning shaffofligini oshirish va aksiyadorlar huquqlarini ishonchli himoya qilish zarur.

XVJ banklarni malakali investorlar ishtirokidagi ochiq va raqobatli savdolar orqali sotishni maqsadga muvofiq deb biladi. Shuningdek, muhim banklar ustidan davlat nazoratini saqlab qolish rejalaridan voz kechish tavsiya etilgan. Bunday yondashuv moliyaviy xatarlar va budjet xarajatlarining ortishiga olib kelishi mumkinligi taʼkidlandi.

Fond Oʻzbekistonga xalqaro standartlarga mos bank nazoratini joriy etishni, tizimli xatarlarni baholash metodikasini takomillashtirishni va banklarni sogʻlomlashtirish boʻyicha samarali mexanizmlarni yaratishni ham tavsiya qilmoqda.

Bundan tashqari, mutaxassislar bank tizimi uchun potensial xatar sifatida mikrokreditlash bozorining jadal oʻsishini tilga oldi. XVJ qarz oluvchilarning kreditga layoqatini toʻgʻri baholash zarurligini eslatib oʻtdi va Markaziy bankni tavakkalchilikka asoslangan nazorat choralarini kuchaytirishga chaqirdi.

Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston banklarida muammoli kreditlar ulushi kamaygani haqida xabar bergan edi.