
Endilikda yangi sotib olingan avtotransportni Yagona portal orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin. Xizmat sinov tariqasida ishga tushirildi.
Hozirda bu xizmat Toshkent shahridagi «Fayzobod» ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish (RO‘ va IO) bo‘limida sinovdan o‘tkazilmoqda. Agarda test muvaffaqiyatli yakunlansa, tizim avval Toshkent shahri bo‘ylab, keyinchalik qolgan hududlarda joriy etiladi.
Ariza jo‘natgan talabgor xizmatni qay tarzda bajarilishini belgilashi lozim. Bunda RO‘ va IO bo‘limiga borgan holda ro‘yxatdan o‘tkazishni yoki Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXX) xodimining o‘zi belgilangan manzilga kelishini ko‘rsatish kerak. YHXX xodimi kelishi qo‘shimcha to‘lov asosida amalga oshiriladi.
Xizmat ko‘rsatish uchun belgilangan to‘lovlar quyidagicha:
- Ro‘yxatdan o‘tkazish: BHMning 6,84 barobari – 2 mln 565 ming so‘m, (Elektromobil, motolar, tirkamalar 1.5 barobar – 562,5 ming so‘m)
- Davlat raqami: BHMning 3,5 barobari – 1 mln 312 ming so‘m
- Qayd etish guvohnomasi (texpasport): BHMning 0,7 barobari – 262 ming so‘m;
- Texnik ko‘rik: BHMning 0,1 barobari – 37,5 ming so‘m.
Sayyor xizmat uchun (10 kilometrga):
- 1 kunda kelsa: BHMning 4 barobari – 1,5 mln so‘m;
- 3 kunda: BHMning 3 barobari – 1 mln125 ming so‘m;
- 5 kunda: BHMning 2 barobari – 750 ming so‘m.
Belgilangan me’yor masofasidan ortsa har kilometr uchun BHMning 0.05 barobari qo‘shib boriladi.
Ariza my.gov.uz orqali yuborilganida, talabgorga davlat raqam belgisi va to‘lov uchun invoys taqdim etiladi. Jarayon yakunida to‘lov amalga oshirilgach, «Fayzobod» RO‘ va IOga borib, arizadagi davlat raqam belgisi aytiladi, YHXX inspektori transport vositasini ko‘rikdan o‘tkazib, davlat raqami hamda texpasportni taqdim etadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan avtomobil raqami orqali haydovchiga xabar yuborish imkoni paydo bo‘lgani haqida yozgandi.