Alphabet kompaniyasining sof foydasi birinchi chorakda 46 foizga oshdi

2025-yilning birinchi choragi yakunlariga koʻra, Alphabet (Google kompaniyasining boshqaruvchisi) sof foydasini 46 foizga oshirib, $34,5 milliardga yetkazdi. Bu haqda kompaniya tomonidan e’lon qilingan moliyaviy hisobotda ma’lum qilindi.
Ma’lum qilinishicha, kompaniyaning umumiy daromadi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 12 foizga oʻsib, $90 milliardga yetdi. Bir dona aksiyaga toʻgʻri keluvchi foyda $2,8 ni tashkil etib, investorlar kutgan prognozdan ancha yuqori boʻldi.
Alphabetʼning daromad oʻsishiga eng katta hissani quyidagilar ta’minladi:
- Qidiruv tizimi daromadlari – 9,8 foizga oshdi;
- Reklama daromadlari – 8,5 foizga koʻpaydi.
Shuningdek, kompaniya bulutli texnologiyalar (cloud computing) yoʻnalishida ham sezilarli yutuqlarga erishdi, bu sohadagi daromadlar 28 foizga oʻsdi. Biroq bu raqam investorlarning kutgan darajasidan biroz past boʻldi.
Alphabetʼning yangi sun’iy intellekt mahsuloti – AI Overviews yordamida foydalanuvchilar soni keskin ortdi va 2025-yil may holatiga koʻra 1,5 million kishiga yetdi.
Kompaniya rahbariyati AQSh prezidenti Donald Trampning savdo siyosati reklama biznesiga muayyan darajada salbiy ta’sir koʻrsatishi mumkinligini bildirmoqda. Jumladan, Google reklamalaridan tushayotgan daromadning katta qismini Xitoyning Temu va Shein kabi yirik marketpleyslari ta’minlab kelmoqda. Moliyaviy hisobot ortidan Alphabet aksiyalari premarket savdolarida 7,4 foizga oshdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh Moliya vazirligi Googleʼdan Chrome brauzerini sotishni talab qilayotganini xabar qilgan edi.