Apple ishlab chiqarishni Hindistonga ko‘chirishni rejalashtirmoqda

Apple kompaniyasi ishlab chiqarishni Xitoydan Hindistonga ko‘chirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, Apple AQSh va Xitoy o‘rtasida davom etayotgan uzoq muddatli savdo urushiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Bugun, 25-aprel kuni kelgusi yilning boshida AQShda sotiladigan barcha iPhone’lar yig‘ilishini Hindistonga ko‘chirish rejalari haqida xabar berildi. Manbaning tasdiqlashicha, prezident Donald Trampning siyosati texnologiya gigantini Xitoydan voz kechishga majbur qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kompaniya Xitoyda eng koʻp smartfon sotuvchi brendlar orasida beshinchi oʻringa tushdi. 2025-yilning birinchi choragida Apple 9,8 million dona iPhone yetkazib berdi. Kompaniyaning Xitoydagi bozor ulushi 13,7 foizni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich 2024-yilning shu davrida 15,6 foizga teng edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Apple 2027-yildan buklanadigan iPhone ishlab chiqarishi haqida xabar bergan edi.