Avito kompaniyasi MDH bozoriga chiqishni rejalashtirmoqda

Rossiyaning reklama joylashtirish bo‘yicha onlayn xizmati Avito MDH davlatlari bozoriga chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda «RBK» nashri xabar bermoqda.
Ivan Tavrin onlayn xizmat xodimlari bilan uchrashuvda kompaniya rivojlanish istiqbollari haqida so‘z yuritdi. U xizmatga egalik qiluvchi Kismet Capital Group kompaniyasi asoschisi hisoblanadi. Shuningdek, kompaniya Yaqin Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo bozorlariga ham kirishga qiziqish bildirmoqda.
Ma’lumot uchun, Avito 2007-yilda Rossiyada tashkil etilgan. Xizmat saytidagi e’lonlarni ham jismoniy shaxslar, ham kompaniyalar joylashtirishi mumkin. Kompaniyaning shtab-kvartirasi Moskvada joylashgan va mintaqaviy bo‘limlar Rossiya Federatsiyasining turli shaharlarida ham ochilgan.
Forbes Russia nashri Avito kompaniyasini $4,6 milliardga baholadi. Shu bilan kompaniya Runetning eng qimmatli beshta kompaniyasi ro‘yxatiga kirib, to‘rtinchi o‘rinni egalladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Yandex o‘zining raqamli yordamchisi Alisa uchun hozirgacha bo‘lgan eng katta yangilanishni joriy qilgani haqida yozgan edi.