CATL 1500 km masofaga ega innovatsion akkumulyatorni taqdim etdi

Xitoyning CATL kompaniyasi elektromobillar sohasida yana bir inqilobiy texnologiyani e’lon qildi. Shanxayda bo‘lib o‘tgan taqdimotda kompaniya 1500 km gacha masofa bosib o‘tishga qodir Freevoy Dual-Power tizimi, Shenxing akkumulyatorining yangi avlodi va natriy-ionli Naxtra batareyasini tanishtirdi. Bu haqda CarNewsChina nashri ma’lum qildi.
Freevoy energiya tizimi
Freevoy ikki tomonlama energiya tizimi — taqdimotning asosiy e’tibor markazida bo‘ldi. U ikkita mustaqil energiya blokidan iborat bo‘lib, biri kunlik foydalanish uchun, ikkinchisi esa uzoq safarlar uchun xizmat qiladi. NCM va LFP texnologiyalarini birlashtirgan tizim CATL’ning «o‘z-o‘zini hosil qiluvchi anod» texnologiyasi bilan jihozlangan bo‘lib, energiya zichligini 60% oshirishi kutilmoqda. Tizim 3 va 4 darajali avtonom haydashni qo‘llab-quvvatlaydi. Narxlar va chiqarilish sanasi hozircha ma’lum qilinmagan.
Shenxing batareyasining ikkinchi avlodi
Shuningdek, kompaniya Shenxing batareyasining ikkinchi avlodini taqdim qildi. U bir zaryad bilan 800 km masofani bosib o‘tadi, 5 daqiqalik zaryad esa 520 km yo‘lni ta’minlaydi. Bu -10°C haroratda ham ishlay oladigan akkumulyator 2024-yil oxirigacha 60 dan ortiq elektromobil modellarida qo‘llanilishi rejalashtirilgan.
Natriy-ion batareyasi
Uchinchi yangilik — Naxtra natriy-ion batareyasi bo‘lib, lityum o‘rniga keng tarqalgan natriydan foydalanadi. Bu texnologiya arzonroq, barqarorroq hamda xavfsizlik va chidamlilik bo‘yicha yaxshi natijalarni va’da qiladi. Ommaviy ishlab chiqarish dekabrda boshlanishi ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Galaxy qurilmalari batareyasi yaxshilanishi haqida xabar bergan edi.