Endi kredit qarzi garov qiymatining 15 foizidan kam bo‘lsa, undiruv garovga qaratilmaydi

Prezident kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini qondirish tartibini soddalashtirish va huquqiy asoslarini kuchaytirishga qaratilgan qonunni imzoladi. Bu haqda Markaziy bank rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, qonun kreditorlarning garovdagi mulkka nisbatan ustuvor huquqlarini kafolatlash, suddan tashqari undiruv jarayonlarini soddalashtirish va amaliyotdagi muhim huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etishni maqsad qiladi. Jumladan, endi kredit qarzi garov qiymatining 15%idan kam bo‘lsa va qarz kechikishi 3 oydan oshmasa, undiruv garovga qaratilmaydi.
Shuningdek, tomonlar roziligi mavjud bo‘lsa, garovdagi mulkni sotish uchun sud orqali murojaat etish talab qilinmaydi. Mulkni auksionga chiqarishda esa uning bozor qiymati hisobga olinadi, bu esa ortiqcha sud xarajatlari va ovora bo‘lishlarni kamaytiradi.
Qonunga ko‘ra, qarzdorlikni garov hisobidan undirish jarayoni hattoki bankrotlik holatida ham davom ettiriladi. Bu o‘zgarishlar banklar, kredit tashkilotlari va qarzdorlar uchun muhim huquqiy kafolatlarni yaratadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq bundan buyon banklar kredit qarz yukini 50 foizdan oshirmasligi haqida yozgan edik.