Jahon banki Oʻzbekiston moliya sektorini isloh qilishga yordam beradi

Oʻzbekistonda Jahon bankining moliyaviy xizmatlar isteʼmolchilari huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan texnik koʻmak missiyasi ish boshladi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, missiya doirasida 2025–2026-yillarga moʻljallangan moliyaviy qonunchilik islohotlarini muhokama qilish, shuningdek, moliyaviy xizmatlar mijozi boʻlgan fuqarolar uchun aniq ijobiy natijalarga erishishni maqsad qilgan yangi tartibga solish konsepsiyasini ishlab chiqish koʻzda tutilgan.
Shu bilan birga, Jahon banki ekspertlari tomonidan tayyorlangan ikki muhim hujjat — moliyaviy xizmatlar isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish konsepsiyasi va moliyaviy bozorni monitoring qilish boʻyicha qoʻllanma muhokama etiladi. Mazkur hujjatlar Buyuk Britaniya va Kanada kabi rivojlangan mamlakatlarning ilgʻor tajribasiga asoslangan.
Ushbu tashabbuslar doirasida mamlakatda moliyaviy ombudsman institutini joriy etish boʻyicha bosqichma-bosqich reja ishlab chiqilishi ham rejalashtirilgan.
Jahon banki mazkur islohotlar orqali Oʻzbekistonda adolatli, shaffof va isteʼmolchi manfaatlariga xizmat qiladigan moliyaviy tizimni shakllantirishga koʻmaklashishni maqsad qilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev Jahon banki delegatsiyasi bilan sheriklik masalalarini muhokama qilgani haqida xabar bergan edi.