Kuala-Lumpur – Toshkent yo‘nalishida aviareyslar yo‘lga qo‘yiladi

Turizm qo‘mitasida «AirAsia X» aviakompaniyasi raisi Datuk Kamaruddin Meranun va kompaniya direktori Benyamin Ismoil boshchiligidagi Malayziya delegatsiyasi bilan aviareyslarni yo‘lga qo‘yish borasida muzokaralar o‘tkazildi. Bu haqda qo‘mita rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, muzokaralarda joriy yil oktabr oyidan boshlab Kuala-Lumpur – Toshkent – Kuala-Lumpur yo‘nalishida haftasiga uch marotaba muntazam parvozlarni amalga oshirish masalasi muhokama qilindi.
Shuningdek, uchinchi mamlakatlarga bog‘lovchi reyslar, hamkorlikni kengaytirish va sayyohlar oqimini ko‘paytirish, jumladan, «Umra+» dasturi doirasida ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Malayziya tomoni O‘zbekistonni madaniy va diniy turizm yo‘nalishida istiqbolli mamlakat sifatida ko‘rayotganini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent – Issiqko‘l yo‘nalishidagi parvozlar tiklanishi haqida yozgan edik.